
Terapiya (yun. therapeia — davolash) — 1) konservativ usullar: doridarmonlar (farmakoterapiya), antibakterial (kimyoterapiya, antibiotikoterapiya) va gormonal moddalar; zardob va vaksinalar, turli ionlovchi nurlar (nur bilan davolash); iqlim, balchiq, mineral suvlar, massaj, elektr toki va boshqa fizik omillar (sanatoriy va kurortlarda davolash, fizioterapiya, shifobaxsh fizkultura; parhez va boshqa yoʻllar) bilan davolash; 2) ichki kasalliklar tibbiyoti, ichki kasalliklar klinikasi, ichki azolar kasalliklari, ularning paydo boʻlish sabablari (etiologiya), rivojlanish mexanizmlari (patogenez), kasallikni aniqlash (diagnostika), davolash va oldini olish usullarini oʻrganuvchi klinik fan.
Yunoniston, Qad. Rim, Sharqning Uygʻonish davrida Sharq va Yevropaning buyuk vrachlari (Gippokrat, Galen, Ibn Sino, a.rRoziy, Paratsels va boshqalar) ilk bor tibbiyotda muhim ilmiy sistemalar va yoʻnalishlarni asoslab berdi. 17-asrda ingliz vrachi Sidenxem Gippokratning bemorni vrach qarovida kuzatish taomiliga asoslanib, kasallik jarayoni bosqichlari haqidagi tushunchani shakllantirdi va koʻpchilik kasallik belgilarini tavsifladi. Ilmiy anatomiyaning asoschisi A.Vezaliynish ishlari, U.Garveyning qon aylanishini kashf etishi, patologik anatomiya sohasida erishilgan yutuqlar, bemorni soʻrash (M.Ya.Mudrov, G.A.Zaxarin), tanani barmoq bilan urib koʻrish, paypaslash, eshitish kabi usullarning qoʻllanilishi hamda kasallikni aniqlashda eksperimental usullardan foydalanish T.ning tibbiyilmiy fan sifatida rivojlanishiga zamin boʻldi.