Cardiology

Kardiologiya (kardio… va …logiya)— tibbiyot fanining bir boʻlimi: yurak-tomir sistemasining tuzilishi, funksiyasi va kasalliklarini, ularning yuzaga kelish sabablari, rivojlanish mexanizmlari, oʻziga xos kechishi hamda diagnostikasini oʻrganadi, shuningdek, ularni aniqlash, davolash va oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Kardiologiyaning mustaqil fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi 19-20-asrlarga toʻgʻri keladi. Bu Aristotel, Gippokrat, Dioskorid, Galen va Ibn Sinolarning faoliyati bilan bogʻliq. 1628-yil ingliz vrachi Garvey qon aylanish doirasini tavsiflaganidan soʻng Kardiologiya masalalariga oid bilimlar toʻplana bordi. 1761-yil avstraliyalik vrach Auenbrugger ichki aʼzolarni tadqiq etishning yangi usuli — perkussiyani kashf etdi. 19-asrda stenokardiya, revmatizm, yurak poroklariga xos klinik alomatlar aniqlandi. Fransuz vrachi J. Buyo (1835) va G. I. Sokolskiy (1836) asarlarida revmatizm va yurakning shikastlanishi oʻrtasida bogʻliqlik borligi haqidagi fikrlar ilgari surilgan. Fransiyalik olim R. Laennek tomonidan 1816 yil stetoskopni ixtiro etilishi va amaliyotda auskultatsiya usulining joriy qilinishi (1819) tufayli yurak-tomir kasalliklari diagnostikasi koʻlami ancha kengaydi.

1889-yil fransuz vrachi P. Potep arterial qon bosimini oʻlchash asbobi — monometrni taklif etdi, shu maqsadda 1896 yil italiyalik olim S. Riva-Rochchi apparatidan foydalana boshlandi. 19-asrning 2-yarmiga kelib fiziologiya fani ulkan yutuqlarga erishdi. Nemis fiziologi K. Lyudvig va rus olimi F. V. Ovsyannikov uzunchoq miyada tomirlarni harakatlantiruvchi markaz borligini, E. Veber (nemis), I. F. Sion va I. P. Pavlov markaziy nerv sistemasining yurak va tomirlar faoliyatiga taʼsir etish xususiyatini aniqladilar. S. B. Botkin klinik kardiologiyaga asos soldi. G. F. Lang (1935)ning yurak-tomir sistemasi kasalliklari tasnifi va miokard distrofiyasi toʻgʻrisidagi taʼlimoti hanuzgacha oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.