Ginekologiya

Ginekologiya (yun. gynaikos — ayol va …logiya) — klinik tibbiyotning bir sohasi; turli yoshdagi xotin-qizlar organizmining oʻziga xos anatomik-fiziologik xususiyatlarini hamda ularning jinsiy aʼzolari kasalliklarini oʻrganadi. Ayollarning normal jinsiy faoliyati — hayz koʻrishi, bola tugʻishi, shuningdek, bola tugʻish va hayz koʻrishdan qolishi (klimakteriya davri) hamda shu davrga xos kasalliklar, tugʻmaslik sabablari, ularning oldini olish va davolash yoʻl-yoʻriqlarini ham oʻrganadi. Umumiy va xususiy G. farq qilinadi. Umumiy G. ginekologik kasalliklarning simptomlari, tashhisi, ularning oldini olish va davolash; xususiy G. esa ayollar jinsiy sistemasining ayrim kasalliklari, ularning oʻziga xos jihatlari va belgilari, tashhisi, oldini olish hamda davolashni oʻz ichiga oladi. G. akusherlik bilan chambarchas bogʻlangan.
G. 19-asrning oʻrtalarida mustaqil fan sifatida tashkil topdi. Anatomiya, fiziologiya, umumiy patologiya, mikrobiologiya, endokrinologiya, jarrohlik va b. fanlar G.ning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. G.ning tarixi juda qadimga borib taqaladi. Misr, Hindiston, Yunonistonning qad. qoʻlyozmalarida G.ga oid maʼlumotlar keltirilgan. G. tushunchasi Gippokrat, Gerofil kabi yunon vrachlarining asarlarida ham oʻz ifodasini topgan. Ibn Siioning «Tib qonunlari»da bir qancha ginekologik kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ularni aniqlash, davolash va oldini olish yoʻllari bayon etilgan.