Xabaringiz bor, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o’tkazilgan tezkor tadbirda Chortoq tuman tez yordam bo’limi feldsheri tomonidan yashirin tsex sharoitida tayyorlangan “Zodak”, “Anaferon”, “xilak Forte” va “vitamin B6” nomli qalbaki dori vositalari Andijon, Farg’ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilganligi aniqlandi.
Ushbu xabar yuzasidan, Sog’liqni saqlash vazirligi O’zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning chakana savdosi bilan shug’ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo’jalik yuritish shakllaridan qat’iy nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, quyidagilarni ma’lum qiladi.
Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to’g’risidagi qonun va qonunosti hujjatlariga, shuningdek dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmasevtika sohasida lisenziya talablari va shartlari etib belgilangan.
“Dori vositalari va farmasevtika faoliyati” to’g’risidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O’zbekiston Respublikasida ro’yxatdan o’tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O’zbekiston Respublikasida ro’yxatdan o’tkazilgan dori vositalarining g’ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizasiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Shu o’rinda, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash tartibi to’g’risida yagona Nizom“ga muvofiq, O’zbekiston Respublikasida ro’yxatdan o’tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O’zbekiston Respublikasida ro’yxatdan o’tkazilgan dori vositalarining g’ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizasiya qilish lisenziya talablari va shartlarini qo’pol ravishda buzilishi hisoblanib, lisenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to’xtatilishiga olib kelishini eslatib o’tamiz.
Yuqoridagilarga asosan, mazkur lisenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug’ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo’jalik yuritish shakllaridan qat’iy nazar) barcha tashkilotlarni faoliyat uchun berilgan lisenziyasi bekor qilinib, qat’iy choralar ko’rilishi to’g’risida ogohlantiramiz!
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.