Qarshi shahrida aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan “Salomatlik marafoni”ga start berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nizom Qurbonov, tibbiyot xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Mazkur marafonni o‘tkazishdan asosiy maqsad — 306 337 nafar aholi istiqomat qilayotgan Qarshi shahrida profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlariga keng qatlamni jalb etish, fuqarolarda o‘z salomatligi va farzandlari sog‘lig‘iga mas’uliyat hissini kuchaytirish, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tushuncha va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat. Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, saraton kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish yuzasidan xabardorlikni oshirish hamda profilaktik tadbirlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Marafon doirasida joriy yilning 2-martidan 31-martigacha oilaviy poliklinikalar, viloyat va respublika darajasidagi yetakchi shifokorlar, shuningdek, xorijiy mutaxassislar tomonidan aholining barcha qatlamlari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tekshiruvlar yakunlari DMED yagona elektron axborot tizimiga kiritilib, fuqarolar salomatligi kelgusida doimiy monitoring asosida yuritiladi. Bu esa kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, ularning oldini olish va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

“Salomatlik marafoni” davomida nafaqat tibbiy ko‘riklar, balki sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik hamda kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ham berilishi rejalashtirilgan. Aholi uchun barcha xizmatlar mutlaqo bepul taqdim etiladi.

Mazkur loyiha jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, fuqarolarning o‘z salomatligiga ongli va mas’uliyatli yondashuvini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Marafon davomida ishtirokchilar Qarshi davlat universiteti hududidan boshlab shahar markaziy ko‘chalari bo‘ylab 5 ming qadamlik piyoda yurish tadbirida faol qatnashib, sog‘lom hayot sari o‘z hissalarini qo‘shdilar.