Tibbiyot yo’nalishida tahsil olayotgan talabalarning bilim va salohiyatini oshirish, amaliy ko’nikmalarini mustahkamlash va o’quv jarayonini samarali tashkil etishda sohaga oid darsliklarning o’rni va ahamiyati juda muhim.
Shu bois Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 12 iyuldagi tegishli qarori hamda Sog’liqni saqlash vazirligining 2023 yil 23 avgustdagi buyrug’i asosida o’tgan yil vazirlik tizimida “tibbiy ta’limda o’quv resurslarini yaratish va rivojlantirish markazi” tashkil etildi.
Shuningdek, tibbiy ta’lim adabiyotlarining tarkibi va mazmuni jihatidan zamonaviy talablarga javob berishini tahlil qilish bo’yicha professor-o’qituvchilardan iborat ishchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan 16 ta bakalavriat yo’nalishlarining 1-bosqichi uchun foydalanilayotgan darsliklarning mazmunan bugungi kun talablariga javob berishi tahlil qilindi.
O’rganish natijalari asosida 1-bosqich talabalari uchun ehtiyoj yuqori bo’lgan darsliklar ro’yxati shakllantirildi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalaridagi o’quv adabiyotlari to’liq xatlovdan o’tkazilib, ular bilan ta’minlanish darajasi o’rganildi. Unga ko’ra, 16 ta bakalavriat yo’nalishining 1-bosqichida jami o’tiladigan 131 ta fanning 46 tasida talabalar soniga nisbatan ehtiyoj mavjudligi, 131 ta fandan 32 tasi (24,4 foiz) oxirgi 2022-2023 yillarda yaratilgani aniqlandi.
Ushbu holatni inobatga olgan holda markaz tomonidan 2022-2023 yillarda yaratilgan 19 ta fandan 84 ta muallifning darsliklari xarid qilindi.
Jumladan, 8 ta fandan o’zbek tili lotin yozuvidagi mahalliy yangi adabiyotlar xarid qilinib, yurtimizdagi 11 ta tibbiyot va farmasevtika OTMlariga tarqatildi. Shuningdek, 4 ta nomlanishdagi xorijiy (Rossiya) darsliklar xarid qilinib, 10 tasi o’zbek tiliga tarjima qilindi.
Qolaversa, 1-bosqich uchun davlat tili lotin yozuvidagi tibbiy ta’lim adabiyotlaridan 3600 dona xarid qilindi. Mamlakatimizdagi 11 ta tibbiyot OTMlari bo’yicha ushbu adabiyotlarning taqsimoti o’tkazilib, ular joriy yil oxirigacha ta’minlanadi.
Shuningdek, ayni paytda Germaniya bilan hamkorlik memorandumi doirasida “Lecturio GmbH” kompaniyasi bilan o’zbek tilida tibbiy ta’lim resurslarini yaratish ustida kelishuvlar olib borilmoqda.
Joriy yil markaz tomonidan oliy ta’lim muassasalarini umumkasbiy va maxsus fanlari bo’yicha o’quv resurslari bilan ta’minlash ishlari davom ettirilib, asosiy e’tibor 1-4-bosqich talabalari uchun talab etiladigan adabiyotlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, Rektorlar kengashi taklifiga asosan rivojlangan mamlakatlarning zamonaviy o’quv resurslari hamda adabiyotlarini xarid qilish va tarjima qilib, nashr ettirish rejalashtirilgan.
Buning uchun Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining Oliy ta’limni rivojlantirish jamg’armasi hisobidan 8 mlrd so’m ajratilishi belgilangan.
Mazkur mablag’lar doirasida oliy tibbiy ta’lim muassasalarining iqtidorli professor-o’qituvchilari orasida maxsus fanlardan eng yaxshi elektron multimediyali o’quv resurslarini yaratishga oid tanlovlar o’tkazilishi ko’zda tutilgan.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


