Yangi tug’ilgan chaqaloqning sog’lom ulg’ayishi har bir onadan alohida e’tibor va g’amxo’rlikni talab qiladi. Ayniqsa, go’dakning asosiy taomi ko’krak suti bo’lgan paytda ayollar allergiya chaqiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilishdan ehtiyot bo’lishi lozim. Aks holda kichkintoyda diatez kuzatilishi mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bilan ayni shu mavzu — bolalarda diatezning kelib chiqish sabablari, belgilari va davolash usullari haqida suhbatlashdik.

— Bu kasallik ko’pincha bolalarning ikki oylikdan ikki yoshgacha bo’lgan davrida boshlanadi, — deydi professor. — U asosan ikki omilning qo’shilishi, ya’ni nasliy moyillik va allergenlar bilan aloqa natijasida yuzaga keladi.

Allergik reaktsiyalar rivojlanishiga oziq-ovqat mahsulotlari (sigir suti, asal, shirinliklar, boshoqli donlar, shokolad, baliq, tsitrus va qizil rangli xo’l mevalar) bilan birgalikda tashqi ta’sirlar (chang, kimyoviy moddalar) sabab bo’lishi mumkin.

Diatez terida, ko’pincha yuz va bo’yin sohalarida qizarishlar hamda toshmalar ko’rinishida kuzatiladi. Toshmalar qattiq qichishadi va bolakay bezovtalanadi.

Bundan tashqari, diatez kichkintoylarda quyidagi belgilar bilan ham namoyon bo’lishi mumkin:

terida yallig’lanish;

bosh sohasida qazg’oq hosil bo’lishi;

ishtaha pasayishi, tez-tez kekirish, ko’ngil aynishi, ich kelishining buzilishi, qorin sohasida og’riqlar;

burun, tomoq, ko’zlarning yallig’lanishi;

uyqu buzilishi va bezovtalanish.

Shu bilan birga, homiladorlikning notinch kechishi, bu davrda o’tkazilgan infektsion kasalliklar, taqiqlangan dori vositalarini qabul qilish, tamaki mahsulotlarini chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish tufayli bolalarda diatez rivojlanishining ehtimoli ortib boradi.

Diatezning bir necha turi bo’lib, ular kasallik belgilari bilan farqlanadi. Shu sababli davolash usulini aniqlash uchun jajji bemorlarni maxsus diagnostik tekshiruvlardan o’tkazish talab etiladi.

Diatez, asosan, atopik oilada tug’ilgan o’g’il-qizlarda ko’p uchraydi. Shu bois agar ota yoki onada astma, allergik rinit va ekzema kabi xastaliklar bo’lsa, birlamchi bo’g’inda oilaviy shifokor ayolning homiladorlik davridan profilaktika ishlarini boshlashi lozim.

Chunki diatez keyinchalik bolalarda atopik dermatit, rinit va osongina bronxial astma kasalligi rivojlanishiga sabab bo’lishi mumkin.

Agar bolalarda diatez belgilari bo’lsa, shifokor ko’rigiga borishni kechiktirmaslik zarur. Markazimiz mutaxassislari ana shunday o’g’il-qizlarni to’liq tekshiruvlardan o’tkazish barobarida, asoratlar yuzaga kelishining oldini olishga yordam beradi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.