Allergik kasalliklarga XXІ asr “epidemiyasi” deb ta’rif berilishi bejiz emas. Chunki keyingi yillarda dunyo bo’yicha bunday xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlar soni ko’paymoqda.

Xususan, yurtimizda ham bu masala dolzarb. Muammoning oqilona echimi sifatida ilg’or diagnostika va davolash usullarini amaliyotga keng tatbiq etish hamda profilaktik ishlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya markazi direktori Ilmira Razikova ushbu yo’nalishda hududlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda ularning natijalari haqida ma’lumot berdi:

— Allergologiya yo’nalishida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni tumanlar darajasiga tushirish uchun har bir hududdan 2 tadan tuman(shahar)ni namunaviy va ilg’or qilishga kirishganmiz. Shu maqsadda markazning yuqori malakali mutaxassislari hududlarga borib, mahalliy shifokorlarga amaliy yordam ko’rsatishmoqda. Natijada bemorlarning ortiqcha vaqt va mablag’sarflab xorijga, poytaxtimiz hamda viloyatlar markazlariga qatnashiga barham berilyapti.

Masalan, joriy yilning birinchi choragida Buxoro viloyatining G’ijduvon va Romitan tumanlarida umumiy immunoglobulin E ni tekshirish, Buxoro viloyati hamda Nukus shahar ko’p tarmoqli tibbiyot markazlarida esa yashirin bronxlar giperreaktivligini aniqlash maqsadida bronxoprovakasion tashxis usuli amaliyotga tatbiq etildi.

Buxoro viloyati ko’p tarmoqli tibbiyot markaziga viloyatlar darajasida ilk bor MADX molekulyar diagnostika uskunasi olib kelinib, ishga tushirildi. Natijada bu erda ilg’or usuldagi molekulyar allergologik tashxisot usullari yo’lga qo’yildi. 

Farg’ona va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog’iston Respublikasida angionevrotik shish hamda bronxial astmani davolash bo’yicha mahorat darslari o’tkazildi.

Genolar yordamida surunkali idiopatik qavarchiqlarni davolash, Grazaks timofeevka preparati orqali maxsus allergologik immunoterapiya yo’lga qo’yildi. Skarifikasion usulda dori sinamasini o’tkazish texnologiyasi o’zlashtirildi. 

Nukusda 160 nafar va Farg’onada 50 nafarga yaqin bemorlar tibbiy ko’rikdan o’tkazilib, ulardan bir guruhiga markazda davolanish uchun yo’llanma berildi.

Bronxial astma kasalligi bor qoraqalpog’istonlik 100 nafar bemordan molekulyar-allergologik va immunogenetik tekshiruvlar uchun qon namunalari olib kelinib, tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.

O’z navbatida, yil davomida hududlarda mahorat darslari o’tkazish, yangi texnologiyalarni joriy qilish va tibbiy ko’riklar tashkil etish maqsadida Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Gruziya, Qozog’iston kabi davlatlardan mutaxassislarni taklif qilish rejalashtirilgan.

Albatta, bunday sa’y-harakatlar allergologiya va klinik immunologiya sohasidagi tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish imkonini beradi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.