Oliy malakali hamshiralarga yiliga
44 mingta qonuniy ishchi viza ajratiladi.
Bu haqda Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov va “New Future Success Academy” xalqaro hamshiralarni tayyorlash o‘quv markazining O‘zbekistondagi boshqaruvchi menejeri Fozilbek Xonxo‘jayev o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
Unda, Amerika standartlari bo‘yicha hamshiralarni test sinovlariga tayyorlash markazini mamlakatimiz hududida ochish va imtihon markazini tashkil qilish, muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni AQSHda bandligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
2030 yilgacha AQSHda 1 milliondan ortiq hamshiralarga talab mavjud. Oliy malakali hamshiralarga yiliga 44 mingta qonuniy ishchi viza ajratiladi, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.
Uchrashuvda, “New Future Success Academy” kompaniyasi va Migratsiya agentligi o‘rtasida tibbiyot sohasida nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha memorandum imzolangan.