Sog’liqni saqlash vazirligida sohadagi ustuvor vazifalar ijrosiga bag’ishlangan videokonferents-aloqa shaklida yig’ilish o’tkazildi.

Unda vazirlik Markaziy apparati xodimlari, ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o’quv yurtlari rahbarlari, shuningdek joylardagi studiyalardan barcha hududiy boshqarmalar hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbirni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasining ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov olib bordi.

Tanqidiy ruhda o’tgan yig’ilishda sog’liqni saqlash tizimida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan ishlar sarhisob qilinib, tibbiyot yo’nalishida davlat byudjeti mablag’larining maqsadli sarflanishi, onalik va bolalik, sohani raqamlashtirish, murojaatlar bilan ishlash va kadrlar masalasi kabi qator yo’nalishlar bo’yicha yo’l qo’yilgan xato hamda kamchiliklar atroflicha tahlil etildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimiz tibbiyot tizimida bo’layotgan ijobiy o’zgarishlarga qaramay, sohada byurokratik to’siqlar va korrupsiyaviy holatlar uchrab turibdi. Aholi tomonidan bo’layotgan murojaatlarning aksariyat qismini tibbiy xizmat ko’rsatish bilan bog’liq masalalar tashkil etmoqda.

Qolaversa, joylarda tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish, onalar va bolalar salomatligini asrash, bemorlarga davolanish uchun imtiyozli yo’llanmalar ajratish borasida ko’plab korrupsion holatlar kuzatilmoqda.

Bularning aksariyati joylardagi sog’liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida faoliyat olib borayotgan mas’ullar tomonidan muammoli masalalarga o’z vaqtida e’tibor qaratilmayotgani va uning echimiga etarli darajada yondashilmayotgani bilan bog’liq.

Yig’ilishda bu haqda so’z yuritilar ekan, tahlillar asnosida joylardagi ayrim rahbarlar belgilangan topshiriqlarni bajarishda sustkashlikka yo’l qo’yayotgani va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish borasida zarur choralar ko’rilmayotgani jiddiy tanqid ostiga olindi.

Shularni inobatga olib, o’z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashmaganligi bois vazirlik va qator viloyat sog’liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga intizomiy jazo chorasi qo’llanildi.

Shuningdek, vazirlikning tegishli boshqarma boshliqlariga pastga tushgan holda har bir hudud, xususan, Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalari ishini chuqur o’rganib, joylardagi rahbarlarning lavozimga loyiqlik masalasini ko’rib chiqish, ularning mas’uliyat va faoliyati samaradorligini oshirish, tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirish bo’yicha aniq vazifalar yuklatildi.

Yig’ilish yakunida sohani rivojlantirish bo’yicha qator taklif va mulohazalar hamda ularning samarali echimlari o’rtaga tashlandi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.