Kecha dunyo bo’ylab 28 iyul – xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar tashkiloti mazkur xavfli kasallik bo’yicha statistik tahlillarni e’lon qildi.
Hisobotda qayd etilishicha, gepatitning A, B, C, D va E deb ataluvchi beshta asosiy turi mavjud. Ularning barchasi jigar xastaligini keltirib chiqaradi.
Er yuzida har 30 soniyada bir kishi gepatit oqibatida hayotdan ko’z yummoqda. Ayniqsa, uning B va C turlari yuz millionlab odamlarda surunkali kasalliklarni yuzaga keltiryapti hamda tsirroz va jigar saratonining eng keng tarqalgan omili bo’lib turibdi.
Xususan, hozir jahonda taxminan 325 million kishi gepatit B va C dan aziyat chekmoqda va kasallikning ayni shu turlari yiliga 1,3 million kishining o’limiga sabab bo’lyapti. Vaholanki, vaktsinalar yordamida xastalik ayrim shtammlarining oldini olsa bo’ladi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tadqiqotiga ko’ra, agar o’z vaqtida va keng qamrovda emlash, tashxislash hamda davolash chora-tadbirlari amalga oshirilsa, 2030 yilga kelib past va o’rta daromadli mamlakatlarda taxminan 4,5 million erta o’limga barham berish mumkin.
Zero, JSSTning Global gepatit strategiyasida 2030 yilgacha yangi kasallanish holatlarini 90 foizga va o’limni 65 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Biroq 2022 yilda dunyo bo’yicha surunkali gepatit B ga chalingan bemorlarning atigi 13 foiziga tashxis qo’yilgan va bor-yo’g’i 3 foizi muolaja olgan. Virusning C turini yuqtirgan kishilardan 36 foizida mazkur infektsiya aniqlangan va 20 foizigina davolangan.
Joriy yil “harakat qilish vaqti keldi” shiori ostida o’tkazilgan xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni tadbirlarida bu boradagi ko’rsatkichlarni oshirishga doir targ’ibotlarga keng o’rin berildi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.